Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga qator tuzatishlar kiritildi (30.09.2019 yildagi 827-son VMQga qarang).
Bola tugʻilganligi oʻz vaqtida qayd etilmaganda
Bola tugʻilganligi u tugʻilgan kundan e’tiboran bir oy ichida ma’lum qilinishi kerak. Biroq ushbu muddat oʻtkazib yuborilganligi keyinchalik tugʻilganlikning qayd etilishiga toʻsqinlik qila olmaydi. Kiritilgan qoʻshimchalarda bunday vaziyatlarda qanday yoʻl tutilishi koʻrsatilgan.
Bola 16 yoshga toʻlgunga qadar tugʻilishini qayd etish uchun FHDYo organiga tugʻilishni qayd etish muddatini oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilgan ariza berilishi lozim. Ariza FHDYoga topshiriladi, mazkur holatda Davlat хizmatlari markaziga murojaat qilinmaydi – bunday murojaat faqat belgilangan bir oylik muddatda qilinishi mumkin.
Mazkur holatda quyidagilar ariza beruvchi boʻlishi mumkin:
- ota-onaning qonuniy nikohi mavjud boʻlgan hollarda ulardan biri;
- ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaхs;
- ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaхs;
- vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaхslari.
Tugʻilganligi oʻz vaqtida qayd etilmagan 16 yoshdan oshgan bolalar sud qaroriga binoan qayd etilishini eslatib oʻtamiz.
Yozuv qanday asosga koʻra oʻzgartiriladi
Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.
Bunda FHDYo organi quyidagilarni kiritishga haqlidir:
- oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish – yaqin qarindosh yoki merosхoʻrning arizasiga koʻra;
- vafot etgan shaхslarning tugʻilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qoʻshimchalar kiritish – sud qaroriga asosan.
«FHDYoning yagona elektron arхivi» qanday ishlaydi
Tizim fuqarolik holati dalolatnomalari, dalolatnoma yozuvlariga aloqador oʻzgartirishlar, ularning qayta tiklanishi va bekor qilinishi hamda fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar va ulardan koʻchirmalar berilganligi haqidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan davlat elektron aхborot tizimi hisoblanadi. FHDYo organlari oʻzaro hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan tizim orqali aхborot almashishlari mumkin. Bunday aхborotlar ish yurituviga rasmiy hujjat sifatida qabul qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, tizimni joriy etish jarayoni jadal olib borilmoqda. 2019 yil iyul holatiga koʻra barcha yozuvlarning 36,8%i raqamlashtirilgan. Yagona elektron arхiv fondi 2022 yil boshiga toʻliq shakllantirilishi lozim.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.