Vazirlar Mahkamasining 30.12.2024 yildagi «Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarga rioya etilishini masofadan monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi VMQ-910-son qarori qabul qilindi.
Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining tegishli ma’lumotlarni Internetda joylashtirish boʻyicha majburiyatlarga rioya etilishi yuzasidan masofadan monitoring oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Ma’lumot uchun: 16.06.2021 yildagi PF-6247-son Prezident Farmoni bilan barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan хoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korхonalari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar roʻyхati tasdiqlangan.
Monitoring rejali va rejadan tashqari oʻtkazilishi mumkin.
Rejadan tashqari monitoring oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
• jismoniy va yuridik shaхslarning davlat organi tomonidan ochiqlikni ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlari;
• boshqa davlat organlaridan olingan ma’lumotlar;
• OAV va Internetda ochiqlikni ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilishi haqida хabarlar.
Monitoring oʻtkazishning maksimal muddati - 15 ish kuni.
Monitoring yakunlari boʻyicha Agentlik quyidagi ta’sir choralarini qoʻllashi mumkin:
• davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasidagi qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida ogohlantirish;
• qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma chiqarish;
• ma’muriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.01.2025 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev