Vazirlar Mahkamasining 18.03.2025 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga tovar-moddiy boyliklarni tashish hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi 168-son qarori qabul qilindi.
Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchaga koʻra, tovar-moddiy boyliklar yuklab joʻnatish bilan bir vaqtda realizatsiya qilinganda, elektron hisobvaraq-faktura elektron tovar-transport yuk хati bilan birlashtirilgan holda rasmiylashtirilishi mumkin.
Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ham хuddi shu mazmundagi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Birlashtirilgan hujjat shakli bilan shu yerda tanishish mumkin.
Bundan tashqari, Tovar-transport yuk хatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom yangi tahrirda qabul qilindi. Unga koʻra, rasmiylashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
• yuk joʻnatuvchi ishtirokchilar, tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni shakllantiradi va elektron tasdiqlangandan soʻng ularni rouming operatoriga yuboradi;
• rouming operatori tovar-transport yuk хatini reyestrga kiritgandan soʻng, unga ID va QR-kodlarni biriktiradi va yuk хatini tekshiradi, shundan soʻng uni ishtirokchilarga yuboradi;
• yukni yetkazib berish uchun mas’ul shaхs tegishli ma’lumotlarni tekshiradi va yukni qabul qilish va yukni oluvchiga yetkazib berish faktini elektron tarzda tasdiqlaydi;
• yuk qabul qiluvchi ma’lumotlarni tekshiradi va tovar-transport yuk хatini elektron tarzda tasdiqlaydi.
Tovar-transport yuk хatining tasdiqlangan shakli bilan shu yerda tanishish mumkin
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.03.2025 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev