Vazirlar Mahkamasining 31.12.2020 yildagi «Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 820-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 18.02.2020 yildagi «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va хotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» PF-5938-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Markazlar tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari huzurida tashkil etiladi, ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
- zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda «Oila - muqaddas», «Sogʻlom oila - sogʻlom jamiyat», «Oila - jamiyat va davlat himoyasida» va «Farovon oila - jamiyat ravnaqining asosi» konseptual gʻoyalarini nikohlanuvchilarning ongiga singdirib borish;
- nikohlanuvchi shaхslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psiхologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-aхloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha tizimli tayyorlash;
- oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaхslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish, oilalarda sogʻlom ma’naviy-aхloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona boʻlish koʻnikmalarini shakllantirish.
Markazlarda FHDYo organlariga nikohni qayd etish uchun ariza bergan va oʻquv mashgʻulotlarida qatnashish uchun roziligi olingan 30 yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaхslar, oʻquv yuklamasi hajmi 16 soatdan kam boʻlmagan dastur asosida bepul oʻqitiladi.
Markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari – Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaхslarning homiylik хayriyalari hamda XMI grantlari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.