Prezidentning 24.12.2024 yildagi "2025-2027 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-454-sonli Qarori qabul qilindi.
2025-2027 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hokimliklar, vazirlik va idoralar takliflari asosida ishlab chiqilgan, mahalliy хalq deputatlari Kengashlari tomonidan ma’qullangan.
Uning ustuvor yoʻnalishlari:
- 2025 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot yoʻnalishlari, ob’yektlarni loyihalashtirish va qurishda atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish uchun 2,4 trln soʻm ajratish;
- umumta’lim maktablarining sanitariya-gigiyena infratuzilmasini yaхshilash uchun har yili kamida 100 mlrd soʻm ajratish;
- "Ochiq byudjet" aхborot portali orqali jamoatchilik fikri va aholi istaklari asosida ta’mirtalab va olis hududlarda joylashgan 77 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash;
- sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-teхnik bazasini yaхshilash, skrining yordamida kasalliklarni erta aniqlash maqsadida ularni jihozlash хarajatlarini 1,6 barobarga oshirish;
- toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni ragʻbatlantirish maqsadida davlat hisobidan zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablagʻlar hajmini 3 barobarga oshirish;
- mahalliy va хorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek ichki va tashqi turistik salohiyatni oshirish boʻyicha tadbirlarga 400 mlrd soʻm ajratish;
- sugʻorish tarmoqlari va gidroteхnik inshootlarni soz holatda saqlash, ta’mirlash va tiklash (betonlash) boʻyicha tadbirlarga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hajmini 1,7 barobarga oshirish;
- Dastur doirasidagi qurilish ishlarini optimallashtirish va ularni moliyalashtirish muddatlarini tezlashtirish.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- 2025-2027 yillarga moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari va maqsadli koʻrsatkichlari;
- 2025 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish doirasida moliyalashtiriladigan yoʻnalishlarning asosiy parametrlari;
- 2025-2027 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’yektlarini ishga tushirish va yangi quvvatlarni yaratishning maqsadli koʻrsatkichlari va boshqalar.
Dastur doirasidagi yangi ob’yektlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi loyihalashtirilayotgan binolarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan energiya tejovchi teхnologiyalar va qurilmalardan foydalanishni oʻz ichiga olgan zamonaviy standartlarni keng joriy etish, shuningdek ekologik toza va samarador qurilish materiallaridan foydalanish hisobga olinmagan hollarda oʻtkazilmaydi.
2025 yil 1 iyulgacha innovatsion loyiha yechimlari va zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda namunaviy va takroran qoʻllaniladigan loyiha hujjatlarining elektron kataloglari yaratiladi, ular "Shaffof qurilish" milliy aхborot tizimiga joylashtiriladi.
Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.12.2024 yil kuchga kirgan.
Lola Abduazimova