Konstitutsiyaviy sudning 13.03.2023 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida»gi qarorining (ilovasi bilan) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ish yuzasidan” KSQ-4-son qarori qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida»gi qarorining (ilovasi bilan) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi masalasi koʻrib chiqildi.
Majlisda soʻzga chiqqan notiqlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni asosida Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish tartibiga rioya qilinganligini qayd etishdi.
Qayd etilishicha, referendumga qoʻyilayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida referendum predmeti boʻlishi mumkin boʻlmagan masalalar mavjud emas va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan referendumni tayinlash tartibiga rioya etilgan.
Fuqarolarning fikrlarini umumlashtirish va ularga munosabat bildirish jarayonida meningkonstitutsiyam.uz elektron platformasi, koll-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, хalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolardan 220 mingdan ortiq fikr va takliflar kelib tushgan.
Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga asosan Oliy Majlis murojaatida koʻrsatilgan masala Senatning tegishli qarori bilan ham tasdiqlangandan soʻng amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sud qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martda qabul qilgan «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida»gi qarori (ilova bilan) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qoʻyishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar aniqlanmadi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qoʻyish Konstitutsiyaga muvofiq deb topildi.
Konstitutsiyaviy sud qarori Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatiga yuboriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.03.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.