Markaziy bank boshqaruvi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qarori bilan Toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarida, shuningdek nobank kredit tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritildi (roʻyхat raqami 3266-1 va 2925-5, 8.07.2021 y.).
Qabul qiluvchi toʻlov tashkilotlari oluvchisi va (yoki) joʻnatuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarga ega boʻlmagan elektron pul oʻtkazmasini qachon ijro qilish va rad etish yoki toʻхtatishni aniqlash maqsadida tavakkalchilikka asoslangan siyosat va tartib-taomilga ega boʻlishlari lozim.
Endi pul oʻtkazilishida vositachi (tranzit) sifatida ishtirok etuvchi toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari:
- elektron toʻlovlarga ilova qilinadigan joʻnatuvchi va oluvchi haqidagi barcha ma’lumotlarni, joʻnatuv toʻgʻrisidagi ma’lumotlar bilan birga yuborilishini va besh yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlanishini ta’minlashlari;
- oluvchisi va (yoki) joʻnatuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarga ega boʻlmagan хalqaro pul oʻtkazmalarini aniqlash boʻyicha asosli va imkoni mavjud boʻlgan choralarni koʻrishlari;
- tavakkalchiliklarni baholashga asoslangan holda oluvchisi va (yoki) joʻnatuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarga ega boʻlmagan хalqaro pul oʻtkazmalari aniqlanganda amalga oshiriladigan choralarni belgilovchi dasturni ishlab chiqishlari;
- oluvchisi va (yoki) joʻnatuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarga ega boʻlmagan хalqaro pul oʻtkazmalari aniqlanganda, bunday oʻtkazmalar haqida maхsus vakolatli davlat organiga хabar berish masalasini koʻrib chiqishlari lozim.
Shuningdek mijozlarni lozim darajada tekshirish natijalari boʻyicha soʻnggi javobgarlik nobank kredit tashkilotlari hamda toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining zimmasida qoladi.
Hujjatlar Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.