2023 yil 18 dekabrdagi OʻRQ-883-son Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida oʻtkazishni, shuningdek saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirishni, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirishni, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni hamda siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotgan ayollar sonini oshirishni nazarda tutadi.
Xususan, Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga muvofiq:
- Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi;
- Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyхati asosida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazish uchun Oʻzbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi;
- partiya roʻyхati belgilangan tartibda roʻyхatga olinganidan keyin, ushbu roʻyхatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi;
- partiya roʻyхatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz boʻlishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu roʻyхatga kiritilishi mumkin emas;
- ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari boʻyicha, shuningdek partiya roʻyхati asosida siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini (ilgari 30 foizgacha) tashkil etishi kerak. Bunda partiya roʻyхatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan 9 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi (ilgari 15 nafar edi). Markaziy saylov komissiyasining 1 nafar a’zosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakili boʻladi.
Qonunga asosan, mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga oʻtkaziladi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik oʻrinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:
- aholi soni 2 mln nafargacha boʻlgan hududlarda – 30 tadan 40 tagacha;
- aholi soni 2 mlndan 3 mln nafargacha boʻlgan hududlarda – 40 tadan 50 tagacha;
- aholi soni 3 mln nafardan ortiq boʻlgan hududlarda – 50 tadan 60 tagacha.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik oʻrinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda quyidagicha belgilanadi:
- aholi soni 30 ming nafargacha boʻlgan hududlarda – 10 tadan 15 tagacha;
- aholi soni 30 mingdan 100 ming nafargacha boʻlgan hududlarda – 15 tadan 20 tagacha;
- aholi soni 100 mingdan 300 ming nafargacha boʻlgan hududlarda – 20 tadan 25 tagacha;
- aholi soni 300 ming nafardan ortiq boʻlgan hududlarda – 25 tadan 30 tagacha.
Yagona saylov okrugi boʻyicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik oʻrinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʻproq foizini toʻplagan siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlanadi.
Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʻproq foizini faqat bitta siyosiy partiya toʻplagan boʻlsa, unda deputatlik oʻrinlari saylovchilarning eng koʻp ovozini toʻplagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi.
Partiya roʻyхati boʻyicha saylangan deputatlar oʻrtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyхatga olingan partiya roʻyхatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.
«Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida»gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga asosan, Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar (ilgari ularning soni 9 nafarni tashkil etgan) deputati fraksiya tuzish huquqiga ega.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.12.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova