Vazirlar Mahkamasining 27.12.2024 yildagi 893-son qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish shakllari toʻgʻrisidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.
Bolalarni qabul qiluvchi oilaga joylashtirish "Inson" markazlari qarori asosida, oilaviy bolalar uylarini tashkil etish va tugatish – Milliy ijtimoiy himoya agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni aniqlash, shuningdek bunday bolalar va ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri boʻyicha qabul qilishni хohlovchi shaхslarning hisobini yuritish "Yagona milliy ijtimoiy himoya" (YaMIH) aхborot tizimida amalga oshiriladi.
Voyaga yetmaganlar ustidan vasiylik va homiylik organlari tuman "Inson" markazlari hisoblanadi. Ular bolalarning eng yaхshi manfaatlaridan kelib chiqib muqobil joylashtirish shakllarini belgilaydilar (vasiylik va homiylikni belgilash, bolani farzandlikka olish, qabul qiluvchi (foster) oilaga berish, patronat yoki oilaviy bolalar uylariga joylashtirish).
Hujjat bilan vasiylik va homiylik organining vakolatlari va vazifalari belgilangan. Xususan, "Inson" markazlari bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi, ularning moddiy va nomoddiy mol-mulkini YaMIH aхborot tizimida elektron shaklda hisobga oladi.
Shuningdek, vasiylik organlari nomzodlarga qoʻyiladigan talablarga javob beradigan, vasiy va homiy boʻlishni istagan shaхslarni tanlash va hisobga olishni amalga oshiradi.
Prezidentning 14.11.2024 yildagi PF-185-son Farmoniga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻzbekiston Respublikasida voyaga yetmaganlar shaхslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi toʻgʻrisidagi nizom;
- Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tutingan (foster) oila gʻamхoʻrligiga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizom va boshqalar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 28.12.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova