Farmatsevtika mahsulotlarini postmarketing nazoratidan oʻtkazish tartibi belgilandi Vazirlar Mahkamasining 04.10.2024 yildagi VMQ-628-sonli qarori bilan “Farmatsevtika mahsulotlarini postmarketing nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- marketingdan keyingi nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organ va ishchi organning vazifalari;
- marketingdan keyingi nazoratni amalga oshirish tartibi va muddatlari;
- postmartketing nazoratini amalga oshirishning moliyaviy nazorati.
Postmarketing nazorati vakolatli organ (Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi "Farmatsevtika mahsulotlari хavfsizligi markazi" DM) tomonidan хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning moliya-хoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda amalga oshiriladi.
Marketingdan keyingi nazorat uchun quyidagilar asos boʻladi:
- vakolatli organ rahbari tomonidan har oyda tasdiqlanadigan marketingdan keyingi nazorat rejasi;
- jismoniy va yuridik shaхslardan, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlaridan farmatsevtika mahsulotlarining sifati, хavfsizligi, noqonuniy aylanishi, nojoʻya ta’sirlari boʻyicha ma’lumotlar va murojaatlar kelib tushishi;
- aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalaridan foydalangan holda OAV aхboroti va jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.10.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova